Maxfiylik siyosati
12.10.2026
LOYIHA — Teach for Uzbekistan yuristlari koʻrib chiqishi uchun tayyorlangan ishchi qoralama; hali rasman tasdiqlanmagan.
1. Biz kimmiz
Shaxsiy maʼlumotlaringiz operatori — “Teach for Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti (Toshkent sh., Mustaqillik shoh koʻchasi, 7-uy; info@teachforuzbekistan.org) — “TFU”, “biz”. Siyosat TFU qabul portali (apply.teachforuzbekistan.org) uchun amal qiladi.
2. Qanday maʼlumotlarni qayta ishlaymiz
Shaxsni aniqlovchi va aloqa maʼlumotlari: F.I.Sh. (otasining ismi bilan), tugʻilgan sana va joy, jins, fuqarolik, telefon, email, Telegram, yashash viloyati va shahri.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari: pasport yoki ID-kartaning seriyasi va raqami, berilgan va amal qilish muddati tugaydigan sanalar, JSHSHIR (PINFL) hamda hujjat old tomonining nusxasi. Ular faqat shaxsingizni tasdiqlash, takroriy arizalarning oldini olish va tanlansangiz kerakli hujjatlarni tayyorlash uchun ishlatiladi. Ularni faqat qabul va tanlov jamoasi koʻradi — tashqi baholovchilar hech qachon.
Ariza maʼlumotlari: taʼlim, ish tajribasi, tillar, esselar, viloyat tanlovlari va yuklangan hujjatlar (surat, pasport/ID, rezyume, diplom, transkript, sertifikatlar, tavsiyanomalar).
Texnik maʼlumotlar: kirishlar tarixi (brauzer, qurilma, vaqt), bildirishnoma sozlamalari va sizga yuborilgan xabarlar arxivi.
Axborotnoma: oylik axborotnomaga obuna boʻlsangiz, emailingiz faqat uni yuborish uchun ishlatiladi. Istalgan vaqtda obunadan chiqishingiz mumkin.
3. Nima uchun va qanday asosda
Maʼlumotlar faqat dasturga tanlov oʻtkazish uchun qayta ishlanadi: arizalarni qabul qilish va baholash, siz bilan aloqa, tanlov bosqichlarini tashkil etish, qaror qabul qilish va qabul qilinganlarni dasturga kiritish.
Huquqiy asos — sizning roziligingiz (“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-547-son Qonun, 15–17-moddalar): roʻyxatdan oʻtishda beriladi va ariza topshirishda tasdiqlanadi. Rozilikni istalgan payt akkauntni oʻchirish orqali qaytarib olishingiz mumkin (shaxsiy kabinetingizda).
4. Maʼlumotlarni kim koʻradi
TFU ichida — qabul jamoasi va vakolatli baholovchilar, maxfiylik majburiyatlari ostida. Ismingiz, jinsingiz va kontaktlaringiz yashirilgan “koʻr” baholash rejimi qoʻllanishi mumkin.
TFU ichki tizimlari: qabul qilingan nomzodlar maʼlumotlari ichki TFU Hub tizimiga oʻtkaziladi.
Bizning topshirigʻimiz boʻyicha ishlovchilar: Supabase (maʼlumotlar bazasi, fayllar, autentifikatsiya), Vercel (hosting), Resend (email), Telegram (faqat oʻzingiz ulasangiz). Maʼlumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun bermaymiz.
5. Saqlash, himoya va muddatlar
Maʼlumotlar satr darajasida kirish nazorati oʻrnatilgan bazalarda saqlanadi, uzatishda shifrlanadi; administrator harakatlari oʻzgartirib boʻlmaydigan jurnalda qayd etiladi. Yuristlar tekshiruviga: ishlovchilarning hosting hududlarini lokalizatsiya talablari bilan solishtirish kerak.
Ariza maʼlumotlari qabul sikli davomida va undan keyin 3 yilgacha saqlanadi — agar akkauntingizni oldinroq oʻchirmasangiz.
6. Sizning huquqlaringiz
OʻRQ-547-son Qonunga koʻra siz: oʻz maʼlumotlaringiz bilan tanishish (bizga yozing — nusxasini yuboramiz), ularni tuzatish, oʻchirish (akkauntni oʻzingiz oʻchirishingiz profil, ariza mazmuni va hujjatlarni yoʻq qiladi; topshirilgan arizalar yozuvi shaxssizlantiriladi), rozilikni qaytarib olish va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha vakolatli davlat organiga murojaat qilish huquqiga egasiz.
Huquqlaringizni amalga oshirish uchun portaldagi Yordam boʻlimi orqali yoki admission@teachforuzbekistan.org manziliga yozing; akkauntni oʻchirishni shaxsiy kabinetingizda oʻzingiz ham bajarishingiz mumkin.
7. Cookies va oʻzgarishlar
Portal faqat zarur cookielardan foydalanadi: sessiya, til, mavzu. Reklama trekingi yoʻq.
Siyosatning yangi versiyalari shu sahifada yangi sana bilan eʼlon qilinadi; muhim oʻzgarishlar haqida portalda xabar beramiz.
8. Ixtiyoriy qoʻllab-quvvatlash va ishtirok maʼlumotlari
Ariza formasining «Shaxsiy maʼlumotlar» bosqichida siz ixtiyoriy ravishda nogironlik yoki sogʻliq holati va sizga qanday yordam foydali boʻlishi haqida xabar berishingiz mumkin. Bu mutlaqo ixtiyoriy va arizani davom ettirish imkoniyatiga hech qanday taʼsir qilmaydi. Bu alohida toifadagi maʼlumot: uni faqat qabul va tanlov jamoasi koʻradi (tashqi baholovchilar hech qachon), u faqat tanlov bosqichlari va dasturda oqilona sharoit yaratish uchun ishlatiladi va hech qachon tanlov filtri sifatida qoʻllanmaydi.
Arizada shuningdek dasturda toʻliq ishtirok eta olishingiz va ishtirokni uzib qoʻyishi mumkin boʻlgan holatlarni oldindan bilishingiz soʻraladi. Bu javoblarni faqat qabul jamoasi koʻradi; ular dasturning asosiy talablariga muvofiqlikni baholash va yordamni rejalashtirish uchun ishlatiladi — Foydalanish shartlari va Ishtirok talablarida tavsiflanganidek.